#xs_uz #narodnoeslovo
Mamlakatimizda kelajagimiz ertasini belgilovchi navqiron o‘g‘il-qizlarning sifatli va uzluksiz ta'lim olishi, jahon standartlariga javob beruvchi zamonaviy o‘quv bino va zallarida bilimlarini boyitishi, bir so‘z bilan aytganda, o‘qib-o‘rganib, o‘z kasbining yetuk kadri o‘laroq kamolga yetishi uchun yildan yilga yangidan-yangi sharoitlar yaratilmoqda.
Keng imkoniyatlar zamirida nafaqat ularning ilm olishi, balki sifatli va qulay yashash sharoiti bilan ta'minlash ham asosiy vazifalardan sanaladi. Ayni kunlarda yurtimizdagi bir qator ta'lim muassasalarida o‘qish boshlanishi oldidan yangi talabalar turar joylari foydalanishga topshirilmoqda.
Qayd etish joizki, bilim talabgorlari o‘quv yilining boshlang‘ich davrini ijara uy izlab sarson-sargardon o‘tkazmasligi, keyinchalik ham darslardan chalg‘imay, bemalol o‘qishi, bor diqqat va e'tiborini faqat va faqat ta'lim olishga qaratishda ularning turar joy bilan qanchalik ta'minlangani muhim omil hisoblanadi.
Kuni kecha Chirchiq davlat pedagogika universiteti uchun unutilmas kunlardan biri bo‘ldi, desak, mubolag‘a emas. Chunki oliygohga yangi o‘quv yili arafasida 750 o‘ringa ega talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Yangi bino oldida ochilish marosimi tashkil etilib, unga o‘qituvchi-professorlar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi.
Tadbir avvalida qatnashchilar ta'lim dargohi bo‘ylab sayohat qildi, fakultetlar faoliyati, ta'lim tizmimi, yutuqlari bilan tanishdi. Shundan so‘ng, to‘rt tomonini talabalar turar joylari o‘rab turgan amfiteatrda tadbirning kirish qismi bo‘lib o‘tdi. Unda mehmonlar so‘zga chiqib, yurtimizda ta'lim sohasiga qaratilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rlik, xususan, ushbu talabalar turar joyining ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Marosim davomi universitet talablari ishtirokidagi kichik bayramga ulandi, she'rlar, kuy-qo‘shiqlar yangradi.