Bugun butun shahar gul va chechaklarga burkangan. Bir paytlar qirmizi olmasi bilan dunyoga dong taratgan Namangan gulparvarlik bobida ham salohiyatini namoyish qilish orqali nafaqat yurtimiz, balki, uzoq va yaqin xorijdagi go‘zallik ishqibozlarini ham tobora ko‘proq o‘ziga jalb etayotgani haqli ravishda e’tirof etilmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, bog‘ va xiyobonlar, ko‘cha bo‘ylariga 36 million tupdan ziyod gul va buta ko‘chatlari o‘tqazildi. Ular orasida 1,5 million tup atirgul, 2 millionga yaqin rayxon va yalpiz dimog‘ingizni yoqimli ifor bilan chog‘ etadi. Bobur bog‘i, Davlatobod tumanidagi “Afsonalar bog‘i” tematik parkidagi betakror kompozisiyalarning har biri o‘ziga hos mavzuga ega manzarasi bilan maftunkor.