#xs_uz #narodnoeslovo
Shvetsiya poytaxti Stokholm va Finlyandiya poytaxti Helsinki shahrigacha bo‘lgan masofa taxminan 400 kmni tashkil etadi. Ikki davlat qirg‘oqlarini bog‘lab turuvchi dengizning mavjudligi ular o‘rtasida dengiz orqali qatnovlarning rivojlanishiga sabab bo‘lgan.
Ayniqsa tungi dengiz manzarasini yaxshi ko‘radigan sayyohlar uchun kema orqali Stokholmdan Helsinkiga, yoki teskari yo‘nalishda harakatlanish juda qulay. Dengiz orqali bir tomonlama harakat 16 soatdan 17 soatgacha davom etadi. Bu esa sizda hamma narsa uchun vaqt yetarli bo‘ladi degani.
Shvetsiyadan Finlyandiyaga ikkita kema tashuvchi kompaniyalar xizmat ko‘rsatadi. Ulardan eng mashhuri va yuqori sinfdagi tashuvchi kompaniya bu Silja Line kompaniyasi sanaladi. Ulkan savdo markazini yodga soladigan kemalarda siz hamma narsani topishingiz mumkin. O‘nlab do‘konlar, turli Yevropa taomlari mavjud bo‘lgan restoranlar, bolalar maydonchalari dam olish hududlari. Sayyohlarni jalb qiladigan yana bir narsa bu kayutalar ichida joylashgan "Duty free" do‘konlar. Bu do‘konlar hech qanday bojxona to‘lovlari va turli bojlar to‘lanmaydigan tovarlarni sotishadi va shu boisdan ular shahardagiga qaraganda anchagina arzon bo‘lishadi.
Kemalarda yurish uchun chiptalar turli narxlarda bo‘ladi. Chiptalarni qanchalik erta buyurtma qilsangiz, shuncha arzonroq bo‘lishi mumkin. Qancha yaqin muddatga buyurtma bersangiz, shunchalik qimmatlashadi. Internet orqali qidirib ko‘rsangiz, bugungi kunda 80 yevrodan 210 yevrogacha bo‘lgan chiptalarni topishingiz mumkin bo‘ladi.
"Xalq so‘zi" muxbiri Silja Line kompaniyasiga tegishli ulkan paromda Finlyandiyaga yetib bordi va bosib o‘tilgan vaqt mobaynida yana bir betakror fotoreportaj tayyorladi. Skandinaviyaning ikki davlatini bog‘lab turuvchi ushbu kemadan lavhalarni siz ham tomosha qiling.