#xs_uz #narodnoeslovo
Siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning «Ishonch» hamda «Xalq soʻzi» gazetalarida eʼlon qilingan
«Men umrimni shu xalqqa tikkanman» sarlavhali maqolasiga munosabat.
Mamlakatning bir boʻlagi, ziyo ahlining vakili sifatida milliy matbuotimizni muntazam kuzatib borar ekanman, ustozimiz siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning «Ishonch» hamda «Xalq soʻzi» gazetalarida eʼlon qilingan «Men umrimni shu xalqqa tikkanman» sarlavhali maqolasini oʻqib, qalb hayajonga toʻldi va dengiz kabi toʻlqinlandi. Ushbu samimiyatga yoʻgʻrilgan haqiqatlar ifodasi shunday soʻzlar bilan boshlanadi:
«Prezidentning yaqinda Jizzaxda viloyat faollari bilan uchrashuvdagi nutqida bir nuqta koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Unda davlatimiz rahbari shunday degan edi: «Xudo menga sogʻliq berib, umr bersa, bizda kambagʻallik va ishsizlik boʻlmaydi. Nimaga desangiz, bunga men yetti yil umrimni tikdim. Tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim. Xalqim yaxshi yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari baxtli boʻlsin, nevaralari sogʻlom tugʻilsin, maktabi ishlasin, yoʻllari ravon boʻlsin deb ishga keldim…». Yozilgan nutqdan tashqariga chiqib aytilgan ushbu mulohazalar odamlarni favqulodda sergaklantirdi. Ehtimol,shundandir ayni iqtibos matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda koʻp «aylandi». Nega? Chunki bu soʻzlar samimiy va chin yurakdan aytilgan edi.
Barchamizni munosabatga, nuqtai nazarga chorlagan ushbu maqola aynan ushbu savolga batafsil va asosli ravishda javob bera olgan.
Mamlakatimizda sodir boʻlayotgan yangilanishlarni chuqur mushohada qilar ekanmiz, xalqimiz kutgan oʻzgarishlarning harakat markazida turgan buyuk reformator – Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari xususida eʼtirof etish albatta joizdir.
Xalq dardini oʻzi taqdiri deb bilib, vijdon amri bilan unga fidokorona xizmat qilayotgan, borini shu el rizoligiga baxshida qilgan jonkuyar rahbar, Yangi Oʻzbekiston tarixida oʻchmas iz qoldirgan millat yetakchisi – Shavkat Mirziyoyev Miromonovich chindanda oʻzgacha shiddatkor kuchga, fidoyilikka ega boʻlgan haqiqiy innovatordir. Biz mamlakat yetakchisini mamlakatda kechayotgan «yangi davrning bunyodkori» deb atasak, kelajak avlodga haqiqatni aytgan boʻlamiz. Butun dunyo nigohi yurtimizga qaratilgan pallalarda esimda, Ispaniya matbuotida, Amerika bosma nashrlarida «Oʻzbekistonda tadrijiy inqilob boshlanmoqda», «Oʻzbekistonda yangi davr boshlanmoqda» degan xabarlar jahon boʻylab tarqala boshladi. Qachon shunday boʻlgan? Yurakni entiktirib yuborgan bu kunlar har bir vatandoshimizning xotirasidan oʻchmasa kerak.
Tarix jonli guvohki, Sharqda Uygʻonish davriga beshik boʻlgan, ilm-fan taraqqiyotiga asos boʻlgan bu makonda Yangi Renessans toʻlqinlari mavj urishi kutilgan haqiqat edi. Dunyo ahliga Amir Temur, Beruniy, Xorazmiy, Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Termiziy, Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Mirzo Boburlarni yetishtirib bergan ona diyorimiz tanlovda adashmadi, oʻz xohish irodasini munosib insonga ishondi. Bu azmi iroda, ishonchga yarasha salohiyat esa xalqning yetakchisida mujassam edi, va u yaratuvchanlikka qodir qatʼiyati bilan marrani katta oldi. Xalq ichida «suyagi qotgan» yoʻlboshchimiz odamlarga shonli tariximizdan soʻzlab oʻtirmadi, nurli kelajak toʻgʻrisida bashoratlar keltirmadi, zero, Shavkat Miromonovich bugunning farzandi edi. Tik va adl nigohi toʻgʻridan-toʻgʻri xalqning qalbini koʻra oldi, holbuki, barchasi bugundan boshlanishini haqiqiy lider yaxshi tushunardi. Hazrati Mavlono Jaloliddin Rumiyning «Sham boʻlmoq oson emas! Nur sochmoq uchun avval yonmoq kerak» deya keltirgan hikmatli soʻzlari bizning millat sardori toʻgʻrisidagi qarashlarimizga hamohangdir. U jonini qiynab ishladi, xalq uchun kuydi, yonish kerak boʻlsa, avval oʻzi quyosh boʻlib, elimiz yoʻlini yorita boshlagach, hammaning yuragida «Yangi Oʻzbekiston» olovini gurkiratib yubordi.